Ijtimoiy tarmoqlar:
KONSTITUTSIYA — BUNYODKORLIK ISHLАRIMIZNING POYDEVORI

Bosh qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi.

Konstitutsiya xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Аsosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi. Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Joriy yilning 2 dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Аkademiyasida “Konstitutsiya – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining muhim poydevori” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Аkademiya masʼul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, el ardog‘idagi sanʼatkorlar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda so‘zga chiqqan maʼruzachilar Konstitutsiyamiz yurtimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga, jamiyatda adolat ustuvorligiga erishishiga, inson qadri va shaʼni har narsadan ustun ekanligiga, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligiga alohida eʼtibor qaratilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligini alohida taʼkidlab o‘tishdi.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda ichki ishlar idoralari g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekani, o‘tgan davrda ushbu idoralarning faoliyati ham tubdan isloh qilingani, xalq manfaatlariga xizmat qilish ular faoliyatining asosiy mezoni etib belgilangani tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda xalqimiz sevgan sanʼatkorlar, “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzolari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, shoirlar tomonidan ona Vatan mehridan jo‘shib ilhomlanib aytgan sheʼrlari o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Ichki ishlar Vazirligi Аkademiyasi kursantlari ijro etgan sheʼr va qo‘shiqlar vatanparvarlik tuyg‘usi, jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyor ekanligini yana bir bor namoyon etdi.

03.12.2020