Ijtimoiy tarmoqlar:
SHUHRATING PORLASIN TOKI BOR JAHON!

1992 yil 10 dekabr tariximizga mustaqilligimizni mustahkamlash davrining muhim voqeligi sodir bo‘lgan kun sifatida kirdi. Shu kun O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilindi. Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va tadbirkorlikka ruh bag‘ishlashga xizmat qiladigan istiqlol ramzidir.

Vatan ramzi — muqaddas. Madhiya yangraganda, odam har qanday holatda so‘zdan, harakatdan to‘xtaydi, o‘tirgan bo‘lsa o‘rnidan turadi. Shu tarzda unga hurmat bajo keltiriladi. Katta anjuman va marosimlar madhiyasiz o‘tmaydi. Radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlar madhiya bilan boshlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, madhiya barcha ezguliklar ifodachisidir.

Joriy yilning 9 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda O‘zbekicton Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun munosabati bilan “G‘alaba bog‘i”da “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’sul xodimlari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, el ardog‘idagi san’atkorlar, shoir va yozuvchilar hamda Mudofaa vazirligining mas’ullari hamda kursantlar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olgan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov so‘zi, Mutal Burxonov musiqasi ostida bastalangan xalqimiz qo‘shig‘ining ulug‘vorligi, o‘zida xalqimizning tarixiy orzu-umidlari yashashi, har bir Vatan farzandi Davlatimiz madhiyasiga munosib ehtirom ko‘rsatishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritdilar.

Tadbir davomida umrboqiy madhiyamizning jarangi hamisha yosh avlodlarning baxt va saodat qo‘shig‘i bo‘lib doim yangrab turishini alohida ta’kidlangan holda, harbiylarimizning vatanimizga va madhiyamizga bo‘lgan muhabbatini aks ettiruvchi chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Xalqimiz e’zozidagi xonandalar tomonidan yangragan kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

10.12.2020