Ijtimoiy tarmoqlar:
MILLATNING JASORAT QO‘SHIG‘I

 

U shunday qo‘shiqki, jarangidan shu xalq, shu tuproqqa daxldor bo‘lgan kishilarning vujudi jimirlab ketadi. Ilk satridanoq har notasida millionlab insonlarning yuragida, ko‘ksidagi tuyg‘ularni jo‘sh urdiradi. Shu bois o‘rningdan turib tinglaysan. Ohanglarida Vatan siyrati ko‘z o‘ngingda namoyon bo‘ladi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan «Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon!» mavzusida o‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ana shunday hayotiy fikrlar ilgari surildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Аbdulla Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa Mustafoyeva madhiyamiz matnining yozilish tarixi, bu davrda shoirning ichki kechinmalari xususida so‘zlab berdi.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Husan Botirov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bo‘lim boshlig‘i Maxfirat Zikirova davlat madhiyasi zahmatkash xalqimizning asriy orzu-maqsadlari aks etgan jasorat qo‘shig‘i ekanini qayd etdi.

Qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan tadbir sheʼrxonlikka ulanib ketdi. Zabardast ijodkor Аbdulla Oripovning shogirdlaridan biri, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Rustam Musurmonqul, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Madina Norchaeva ustozning fazilatlari to‘g‘risida to‘xtalib, o‘z ijod namunalaridan o‘qib bergani tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

11.12.2020