Ijtimoiy tarmoqlar:
ODAMLAR AVAYLANG BIR-BIRINGIZNI!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5953-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 503-F-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida, O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamkorligida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov 1930-yilda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Po‘loti qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ko‘pqirrali 50 yillik ijodiy faoliyati davomida shoir o‘zining “Vatanimni kuylayman”, “Bahor nafasi”, “Maqsad yo‘lida”, “Tog‘lar sadosi”, “Ona yer qo‘shig‘i”, “Subhidam xayollari”, “Eʼtiqod” kabi sheʼriy kitoblari, dolzarb mavzulardagi dramatik asarlari, jahon mumtoz adabiyotining eng yaxshi badiiy tarjimalari bilan o‘zbek adabiyotidan munosib o‘rin egallagan. Аyniqsa, Jumaniyoz Jabborov mustaqillik yillarida Vatanini, xalqimizning tinch, osoyishta hayotini, insonning baxti va muhabbatini tarannum etdi. Shoir zamondoshlarimizning shijoatli mehnati, mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar va yangilanishlar haqidagi ko‘plab publitsistik maqolalar muallifi hamdir.

Jumaniyoz Jabborov mehnat faoliyatini 1953 yil “Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim mudirligidan boshlaydi. “Gulxan” jurnalining bosh muharriri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari, G‘ofur G‘ulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti direktori kabi lavozimlarda ishlab, vatanimizning bosma va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Shoir ijodiga bo‘lgan ehtirom sifatida o‘tkazilgan mazkur tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedogogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov kirish so‘zi bilan ochdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, jurnalist Hakim Sattoriy Jumaniyoz Jabborovning yosh ijodkorlarga bo‘lgan eʼtibori, g‘amxo‘rligi haqida gapirdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi, O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi professori, O‘zbekiston Respublikasi kompozitor va bastakorlari uyushmasi aʼzosi Dilorom Omonullayeva, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, O‘zbekiston Respublikasi kompozitor va bastakorlari uyushmasi aʼzosi Аvaz Mansurov Jumaniyoz Jabborov bilan bo‘lgan ijodiy hamkorligini xotirladi.

Shuningdek, so‘z chiquvchilar shoirning Bayron, Lermontov, R.Tagor kabi jahon adabiyoti namoyandalarining ijodidan qilgan tarjimalari o‘zbek adabiyoti, maʼnaviyati xazinasiga munosib hissa qo‘shganini eʼtirof etishdi. Jumaniyoz Jabborov “O‘jarlar”, “To‘ydan oldin tomosha”, “Jon qoʼshnilar”, “Ziyofat” nomli pyesalari muallifi ekani, bu asarlar poytaxtimiz teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lganini so‘zladilar.

Tadbir davomida talabalar tomonidan shoir ijodidagi benazir sheʼrlari yod o‘qildi.  O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi talabalari Jumaniyoz Jabborov sheʼrlariga bastalangan kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

22.12.2020