Ijtimoiy tarmoqlar:
Аsqad Muxtor – qalblar tarjimoni

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Аsqad Muxtor tavalludining 100 yilligi munosabati bilan «Аsqad Muxtor – qalblar tarjimoni»nomli xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼul xodimlari, shoir va yozuvchilar, «Maʼrifat» targ‘ibotchilar jamiyati aʼzolari, el ardog‘idagi sanʼatkorlar hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi masʼullari hamda kursantlar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi Pardaxol Norqobilova, «Guliston» jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Аxtamqul Karim hamda adabiyotshunos olimlar O‘zbekiston xalq yozuvchisi Аsqad Muxtorning o‘zbek adabiyotida yangicha intellektual-falsafiy lirikaning shakllanishiga qo‘shgan hissasi, faoliyati, uning ijodidagi inson tabiati, aql-zakovati, undagi mehr va qahr tuyg‘usining qudrati, insonning inson oldidagi burchi, jamiyat va tabiat bilan bir butunligining o‘ziga xos ifodasi to‘g‘risida so‘z yuritdilar.

– XX asr o‘zbek adabiyotining ulkan namoyondalaridan biri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Аsqad Muxtorning chinordek baquvvat asarlarini o‘qimagan, bilmagan kitobxon bo‘lmasa kerak, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi Pardaxol Norqobilova. – Uning ko‘p qirrali ijodida zamondoshlarimiz hayoti va ongida yuz bergan eng muhim o‘zgarishlar o‘z badiiy ifodasini topgan. Ijodkor o‘z ijodida jahon poyeziyasining eng so‘nggi tajribalari, binobarin zamonaviy poetik tafakkur bilan qadimiy Sharq sheʼriyati donoligini ajoyib bir tarzda tutashtirishga erishgan.

Bugungi tadbir ham Аsqad Muxtor hayoti va ijodini harbiylar va ularning oila aʼzolari orasida yanada keng targ‘ib etish yuzasidan dadil qadamlardan biridir.

Xotira kechasida el ardog‘idagi sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, Аsqad Muxtor hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi videorolik tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

24.12.2020