Ijtimoiy tarmoqlar:
KOʻNGILLАR MА’NАVIY UYGʻONSА...

Bolaligimni eslasam, sheʼr va kichik maqolalar qoralay boshlaganimda negadir maʼnaviyat mavzusida yozgan qoralamalarimni oʻzgacha qiziqish va mehr bilan bitar ekanman. Ilk bor 2004 yil, yaʼni 9 sinfda oʼqiyotgan chogʻimda “Maʼrifat” gazetasida chop etilgan maqolam maktablarda tarbiyaga asoslangan fanni chuqurroq oʻrgatish orqali yoshlarni turli yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish xususida boʻlgan. Universitetni tamomlaganimga ham oʻn yil boʻlyapti. Bu vaqt davomida asosan maʼnaviyat sohasi bilan chambarchas bogʻliq holda ishlab kelyapman. 2019 yil Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ish faoliyatimni boshladim. Qaynoq muhit, maʼnaviyatli xalqimizning maʼnaviyatini yanada yuksaltirish yoʻlidagi qizgʻin jarayonlar, ijodiy uchrashuvlar, targʻibot tadbirlari – jamiyatning hech bir yoʻnalishini maʼnaviyatsiz tasavvur qilib boʻlmasligini anglatgani, yuragimdagi olovni shu sohaning jonkuyar fidoyisi boʻlish yoʻlida yanada gurkiratgani ayni haqiqat.

Prezidentimizning “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hamda “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari koʻnglimda ham hayajon, ham masʼuliyat tuygʻularini olovlantirdi.

Insonning boshqa jonzotlardan farqini koʻrsatadigan jihat bu uning maʼnaviyatidir. Yurish-turish, soʻzlash va muomala bularning barchasi shaxsning oʻzligini namoyon etadi. Shu bois, har bir millat va uning yashash tarzi maʼnaviy mezonlar asosida takomillashib boraveradi.

Ulugʻ ajdodlarimizning dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan behisob hissasi, avlodlarga meros qilib qoldirgan bitmas-tuganmas maʼnaviy xazinasi bilan qancha faxrlansak arziydi. Bu qadriyatlar bugun hayotiy zaruriyat sifatida qonimizga singib, hayotimizning har jabhasida oʻz oʻrnini, oʻz kuchini koʻrsatib kelmoqda.

“Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini keng targʻib etish, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Shuningdek, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, targʻibot-tashviqot va tarbiya yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish singari bir qator yoʻnalishlar belgilangan. Аyniqsa, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida bir qancha vazifalar belgilanganki, bu mazkur sohaning ilmiy tomonlama tadqiqotini mustahkamlashga asos boʻladi.

Markazning Jamoat tashkilotlari bilan ishlash boʻlimida faoliyat yuritar ekanman, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni xalq orasida keng tatbiq qilishda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik, “Har bir oila kitobxon”, “Ona tabiatni asraymiz”, “Bolaga kitob bering!” singari bir qancha loyihalar orqali kitobxonlik madaniyatini oʻstirish, ezgu gʻoyalarni tatbiq qilish boʻyicha olib borilayotgan amaliy ishlarda faol qatnashib kelmoqdaman. Аholi va yoshlar orasida maʼnaviy qadriyatlarimizni yanada keng targʻib qilish, milliy gʻururni shakllantirish yuzasidan yurtimizning turli hududlarida olib borilgan targʻibot ishlari, davra suhbatlari va bir qancha tanlovlar maʼnaviy tarbiyani mustahkamlashdagi muhim qadamlardan biridir.

Prezidentimizning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hamda “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari xalqimiz maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, yoshlar tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish, yot gʻoyalarga qarshi kurashish immunitetini mustahkamlash, ushbu sohani ilmiy tomonlama keng tatbiq qilish yuzasidan tarixiy qadamlardan biridir.

 

Dilfuza MАHKАMOVА,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori

27.03.2021