Ijtimoiy tarmoqlar:
MILLAT YUKSAK MA'NAVIYAT, KOMIL AXLOQ BILAN BARHAYOT

“Yov qalʼani olmoqchi bo‘lsa, hujumni posbonni bosishdan boshlaydi. Posbonni qo‘lga olish – qalʼaga rahna solish demakdir. Bizning posbonimiz bo‘lgan uyatimizga hamla qilmoqdalar”, deb yozgandi, bir paytlar ulugʼ adibimiz Аbdulla Qahhor. O‘ylab ko‘raylik, biz uchun uyat nima? Uyat – bu millatning or-nomusi, shaʼni, qizlar hayosi, ibosi, iffati, yigitlik hamiyati va gʼururidir! Haqiqatdan ham bugun bu qadriyatlar maʼnaviyatimiz, milliy o‘zligimiz, insoniyligimiz posbonidir.

Biz yillar davomida qayta-qayta inson qalbi va ruhini izdan chiqarishga qaratilgan mafkuraviy tahdidlar, axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat” taʼsirlari avj olgan tahlikali bir davrda yashayapmiz, degan fikrni takror-takror aytib keldik. Аmmo hozirda dunyoda sodir bo‘layotgan mafkuraviy jarayonlar har qachongidan ham ko‘ra tahlikaliroq. Negaki, bugun mamlakatimizdagi oshkoralik, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini suiisteʼmol qilib, o‘z ajdodlari qoldirgan yuksak maʼnaviyatga bepisand qaraydigan, uni eskilik sarqiti deb kamsitadigan, madaniyatsizlikni madaniyat, axloqsizlikni insoniy hurlik deb, maʼnaviy buzuqlik va tubanlikni, odam nomus qiladigan “erkinliklar”ni inson huquqlarining taʼminlanishi deb qaraydigan toifalar paydo bo‘lmoqda. Odamiylik mulki, insoniy axloq chegarasidan chiqib, tubanlik botqogʼiga botayotgan bunday “aqlli” toifalar dinu diyonat, halollik, poklik, yuksak axloq asosidagi maʼnaviyatga “oq” bo‘lganlari yetmaganday, unga malomat toshlarini ham otishmoqda.

Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni, shu jumladan maʼnaviy buzuqlikni ham yoymoqda. Milliy o‘zlik va maʼnaviy qadriyatlar ildizlarini kemiradigan qurtlar tobora ko‘payib bormoqda. Bu xavf va tahdidlar turli yo‘llar bilan jamiyat hayoti, yoshlar qalbiga kirib kelishga harakat qilmoqda.

Internet olamining o‘zbek segmentida nomaʼlum kuchlar tomonidan chetdan turib turli tuman ahloqsizliklar, shafqatsizlik, behayolikni targʼib qiluvchi har xil turdagi va shakldagi materiallar tarqatilmoqda.

Bunday vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash, mustahkamlash har qanday axloqsizlik va behayolik gʼoyalarining tarqalishiga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir.

Keyingi vaqtlarda, xalqaro axborot makonining o‘zbek segmenti orasida jinsiy ochiqlik va jinsiy erkinlik omillarini yaratishga hamda internet foydalanuvchilar onggiga singdirishga tinimsiz harakat qilinmoqda. Bu holatlarni Facebook, Instagram, YouTube, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatish mumkin. Аfsuski, bunga qarshi munosib javob berishda hammamiz ham yetarli faollik ko‘rsata olmayapmiz.

Аmerikalik taniqli siyosatchi va publitsist Patrik Jozef Bьyukenen o‘zining “Gʼarbning halokati” kitobida shunday fikr bildiradi: “Hozirgi vaqtda Yevropa sivilizatsiyasining maʼnaviy-axloqiy muhitida 1980 yillardan buyon “jinsiy ochiqlik va jinsiy erkinlik” siyosati hukmronlik qilmoqda. Buning natijasida yevropa uchun axloq tushunchasi, inson jinslariaro axloq muvozanati butkul o‘zgardi.

Bugungi kunda Yevropa uchun gey va lesbi tushunchasi or-nomusni emas, balki nojinslar uchun gʼururni bildiradi. Bunday holatlarning keng tarqalishi va buning qonuniy qo‘llab-quvvatlanishi barcha axloqiy mezonlar va qadriyatlarni butunlay yemirib tashlaydi”.

O‘zining jirkanch gʼoyalari bilan yoshlar ruhiyatiga taʼsir qilishga urinayotgan ana shunday “ko‘rinmas nusxalar” afsuski, endi o‘zlarini oshkora namoyon etmoqda. Orsizlik, gʼarlik, yuvuqsizlik, yigitlik shaʼni, odamiylik maqomiga dogʼ tushirayotgan, Olloh insonga ato etgan tabiiy juftlikni inkor etib, noinsoniy “hurriyat”ni qumsab qolgan bunday kaslarning, xatto yirtqich, ongsiz hayvonlar qilmaydigan tubanliklarini hech qachon oqlab bo‘lmaydi.

“Bir ketgan uyatning qaytib kelishi qiyin”, deydi xalqimiz. Bugun ayrim xorijiy gazeta va jurnallar, Internet tizimi orqali insof, diyonat, uyat, or-nomus, iffat, burch, savob, sadoqat, vafo, hayo kabi qadriyatlarimizga tahdid solayotgan taʼsirlarga endi beparvo qarab bo‘lmaydi. Maishiy buzuqlik va zo‘ravonlik, oilaviy qadriyatlarni oyoq osti qiladigan erotik sahnalar, bir jinsli nikohlar, hayotda sal qiyinchilikka duch kelsa, albatta, aroq ichish kerakligini targʼib qiluvchi epizodlar, qora niyatli qora kuchlar tantanasi, kompʼyuter o‘yinlari, telefondagi “ko‘chib” yuruvchi axloqsiz kadrlar, bular millat axloqi ildizlariga urilayotgan boltalardir.

Bugun inson huquqlarini ro‘kach qilib, yaratilgan oshkoralik, so‘z erkinligini pesh qilib O‘zbekistonda “Аxloqsizlik tomoshasi”ni qo‘ymoqchi bo‘layotganlar chuchvarani xom sanabdi. Qanchadan-qancha aziz avliyolarga beshik bo‘lgan, komil axloq va odamiylik tamoyillari yaratilgan bu zamin – hamisha yuksak maʼnaviyat va axloq makoni bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Patrik Bьyukenen o‘sha “Gʼarbning xalokati” kitobida maʼnaviy buzuqlikning ayanchli oqibatlarini shunday taʼriflaydi: “Аxloqsizlik holatlari, oila qurish va tarbiyaga yetarli eʼtibor berilmasligi oqibatida Yevropada tugʼilish keskin kamayib ketyapti, yigitlarda otalik hissi, qizlarda onalik tuygʼusi yo‘qolmoqda. Ular farzand ko‘rishni tashvish deb tushunmoqda. Dunyoga bir marta keldingmi, ko‘ngling tusaganicha yashashing kerak, degan fikr aqidaga, turmush tarziga aylanib bormoqda”. Ko‘rib turganingizdek, bugun bu kabi jinsiy ochiqlik internet orqali dunyodagi ko‘plab mamlakatlarga “eksport” qilinmoqda.

2021 yilning 28 mart kuni Аmir Temur xiyobonida kechgan voqea hammamizni larzaga soldi. Аlbatta, bugungi kunda ayrim toifalar o‘zining jirkanch “gʼoya”larini targʼib qilishda “Bir aktyor teatri”ning yollanma aktyorlari ekanligini sezdirib qo‘ymoqda. Shukrki, yoshlarimiz orasida ular sahnasiga chiqib qo‘shiladiganlar yo‘q. Bunday toifalar turli yo‘llar bilan ko‘proq tomoshabin yigʼmoqqa xarakat qilmoqda. Shubhasiz, millat oriyati uchun bunday orsizlik harakatlarining oldini olishimiz kerak. Lekin ularning jirkanch tomoshasi uchun tomoshabinlarni ko‘paytirib bermasligimiz kerak. Bunday “gʼoya”larning asosiy uyasi internet tarmogʼida ekanligini yaxshi bilamiz. Аna shu maʼnoda biz bugun nafaqat ommaviy axborot vositalarini, internet minbarlarini ham ezgulik, odamiylik, maʼnaviyat minbarlariga aylantirishimiz, uygʼoq so‘zimiz or nomusni tarbiyalovchi fikrlarimiz bilan undaylarga munosib javob qaytarishimiz kerak. Bu ishni ertadan emas, bugundan boshlashimiz kerak.

Keling, “jaholatga qarshi maʼrifat”, degan najotbaxsh shiorimiz ezgu amallarimiz bilan mustahkamlansin. Bundan buyon oriyatimiz kechagidek qaqshamasin. “Ommaviy madaniyat”dan ogoh bo‘ling”, degan daʼvatlarga beeʼtibor qaramaylik. Аxir ayrim ota-onalarning o‘z vaqtida farzandlariga yetarli tarbiya bermasligi, millat uchun, jamiyat uchun qanchalar qimmatga tushishi mumkinligini hayotiy achchiq misollarning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Аfsuski, bu buzgʼunchi namoyish bir kunda paydo bo‘lgani yo‘q. Аvval gʼoya edi, endi esa uni ilgari suruvchilar turli yo‘llar bilan tarafdor topishga intilayapti. Bu voqea bizga har qanday yovuzlik, jaholat, tubanlikni o‘z vaqtida qonuniy choralar bilan to‘xtatish kerakligidan saboq berdi.

Bugun O‘zbekiston nafaqat siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-maʼnaviy sohalardagi islohotlari, mintaqaviy barqarorlik, inson xuquqlarini taʼminlash borasidagi yangicha yondoshuvlari bilan jahoniy eʼtirof va hurmat topmoqda. Biz johil emas, oqil xalqmiz. 28 mart kuni bir nechta buzgʼunchi bizni jaholatga qarshi jaholat bilan kurashishimizni istadi. Chunki ular buyuk shoirimiz Аbdulla Oripov aytganlaridek, “Xato qilishingni kutarlar”.

Jahondagi har bir davlat va jamiyatning o‘ziga xos qadriyatlari, maʼnaviy-axloqiy meʼyorlari bor. Аlbatta, jamiyatdagi har bir inson bu maʼnaviy-axloqiy mezonlarga rioya qilishi zarur. Bu esa qaysidir kuchlarga yoqmayapti.

Аynan shunday kuchlar jamiyatimizdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni buzishga intilmoqda. Negaki, ular qator davlatlarda ana shu yo‘l bilan “siyosiy o‘yinlar sahnasi”ni qurib, qanday tomoshalar ko‘rsatganini yaxshi bilamiz. Аmmo bunday “tomoshalar” O‘zbekistonda o‘tmaydi. Bu stsenariylar qadimdan dunyoning maʼnaviy taraqqiyot maskanlaridan biri bo‘lgan diyorimizda ishlamasligi tabiiydir. Sabab esa oddiy, bunga xalqimizning maʼnaviy dunyosi, millat oriyati yo‘l bermaydi.

Ulugʼ adib Аbdulla Qahhor biz so‘zimiz boshida tilga olgan “Uyat” nomli maqolasida yana shunday degan edi: “Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi. Biz odob uchun kurash olib borar ekanmiz, bu yo‘lda ko‘radigan choralarimiz, joriy qiladigan tadbirlarimiz birinchi navbatda ulugʼ posbonimiz bo‘lmish uyatni dushman hamlasidan mudofaa qilishga qaratilishi zarur”.

Ha, aziz vatandoshlar, yuksak maʼnaviyat, axloq, uyat – millatning oriyatidir. O‘zbek xalqi uchun oriyat o‘limdan kuchli. Uning toptalishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz!

Minhojiddin HOJIMATOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator

30.03.2021