Ijtimoiy tarmoqlar:
O‘zligingni asra, o‘zbegim!

    Bugungi kunda yurtimiz rivojlangan davlatlar safiga kirib bormoqda. Kundan-kun chiroy ochayotgan me’moriy obidalarimiz,  mana-man degan davlatlar bilan bo‘ylashayotgan yoshlarimiz jamiyatimizning kelajakda buyuk davlat bo‘lishiga poydevor vazifasini o‘tamoqda. Ammo shuni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakki, aholining ayrim qatlamlari o‘rtasida milliy qadriyatlarga bepisandlik, el-yurt taqdiriga loqaydlik, boqimandalik kayfiyatlari kuchayib bormoqda. Shuningdek, aksariyat yoshlar orasida daxldorlik hissining kamligi, mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik, guruhbozlik kabi illatlarga befarq munosabat, qayerda to‘q yashasam, shu yer men uchun vatan, degan kayfiyat kuchayib borayotgani, albatta, tashvish uyg‘otadi.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 14 avgustda o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rsatilgan vazifalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 57.2-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati  tomonidan “O‘zlingni asra, o‘zbegim!” g‘oyasi asosida jamiyatimiz illatlariga qarshi targ‘ibot aksiyasi doirasida Markazning majlislar zalida tadbir o‘tkazildi.
    Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Munira Qahhorova “Loqaydlik dunyodagi eng kuchli zilzila va bo‘ronlardan ham yomon dushmandir!” mavzusida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi  hamda mavzuga oid slayd namoyish etildi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ahmadjon Meliboyev esa  jamiyatimizning o‘zbek tiliga bo‘lgan  salbiy munosabatini kuyunchaklik bilan tanqid qildi. Ularning bu fikrlariga qo‘shilgan holda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali katta muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “Do‘stlik” ordeni sohibi, oliy toifali suhandon  Farhod Bobojon   “Jamiyatdagi illatlar–kelajak tanazulidir” deya bugungi kundagi yoshlarimizda uchraydigan ba’zi salbiy xatti-harakatlar haqida ma’ruza qildi.  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassisi Psixologiya fanlari nomzodi, professor Feruza Akromova  ommaviy madaniyat va internetdagi ba’zi zararli holatlar oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotganligi haqida  faktlar bilan misollar keltirdi. O‘zbekona mentalitetni saqlagan holda aytish lozimki, “Oilani saqlash–o‘zlikni saqlash!”, deya fikrini davom ettirdi Feruza Akromova.  Shuningdek, tadbirda “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi tinglovchilari ham faol ishtirok etdi. Tadbir  qizg‘in baxs-munozara, savol-javob shaklida o‘tdi.  Ishtirokchilar bugungi kundagi bu kabi salbiy odatlarni bartaraf etish borasida o‘z takliflarini bildirdi.

31.10.2019